“Be Student” dasturi doirasida taʼlim xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish uchun
OMMAVIY OFERTA
“Central Asian University” MChJ, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi 130-sonli qarori va Universitet Ustavi asosida faoliyat yurituvchi, ushbu ommaviy oferta orqali, www.bestudent.centralasian.uz veb-saytida eʼlon qilingan, “Be Student” dasturi doirasida taʼlim xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzishni quyidagi shartlar asosida taklif qiladi.
1. TAʼRIFLAR VA QISQARTMALAR
Abituriyent – “Be Student” dasturi doirasidagi kurslarda taʼlim olish uchun Veb-saytda roʻyxatdan oʻtgan, Ushbu Oferta/Shartnoma shartlarini qabul qilgan va Oferta/Shartnomada belgilangan tartibida toʻlovni amalga oshirgan jismoniy shaxs.
Aksept – Buyurtmachining Universitet tomonidan Ommaviy oferta asosida taklif qilgan Shartnomaning barcha shartlarini toʻliq va shartsiz qabul qilish boʻlib, Buyurtmachining Shartnomani toʻliq hajmda va barcha taklif qilingan shartlar asosida tuzishga roziligini ifodalaydi.
Autentifikatsiya maʼlumotlari – Buyurtmachini aniqlash va veb-saytda roʻyxatdan oʻtish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar, jumladan abituriyentning familiyasi va ismi, elektron pochta manzili va aloqa telefon raqami.
Veb-sayt – Universitetga tegishli boʻlgan va www.bestudent.centralasian.uz domen nomi orqali ishlaydigan «Be Student» dasturining rasmiy veb-sayti.
OTM – Oliy taʼlim muassasasi.
FK – Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi.
Shartnoma – Universitet va Buyurtmachi oʻrtasida «Be Student» dasturi doirasida taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tuziladigan (tuzilgan) joriy shartnoma boʻlib, u Ommaviy oferta shartlari asosida amalga oshiriladi.
Buyurtmachi – Abituriyent, uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari.
Qonunchilik – Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi.
Dars/mashgʻulot – Kursning tarkibiy qismi boʻlib, maʼlum mavzuni oʻrganishga, koʻnikma shakllantirishga yoki tegishli Kursning oʻquv dasturida belgilangan oʻquv materiallari blokini egallashga qaratilgan alohida oʻquv tadbiridir.
Individual paket – Buyurtmachi tomonidan tuzilgan, muayyan kurslar toʻplamini oʻz ichiga olgan taʼlim xizmatlari paketi.
Kurs – oʻquv kursi (Asosiy va Fakultativ kurslarni oʻz ichiga oladi), shu jumladan sport mashgʻulotlarini ham oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan, birlashtirilgan oʻquv mavzusiga ega boʻlgan nazariy, metodik va amaliy materiallar va/yoki mashgʻulotlar majmui boʻlib, Abituriyentning tegishli bilim va koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Toʻlov – Buyurtmachi tomonidan Xizmatlar, jumladan Paket, Individual paket yoki alohida Kurs qiymatini Oferta/Shartnoma, Toʻlov jadvali va/yoki Hisob-faktura shartlariga muvofiq toʻlash jarayoni. Toʻlov oldindan toʻlov yoki boʻlib-boʻlib toʻlash shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Asosiy kurs – Universitet tomonidan oldindan belgilangan va tegishli Paket tarkibiga doimiy element sifatida kiritilgan majburiy taʼlim kursi. Asosiy kurs tegishli Paketning ajralmas qismi boʻlib, Buyurtmachi tashabbusi bilan almashtirilishi, bekor qilinishi, koʻchirilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin emas.
Oferta – Universitet tomonidan Veb-saytga joylashtirilgan va nomaʼlum shaxslar doirasiga moʻljallangan taklif boʻlib, unda Ommaviy oferta matnida belgilangan shartlar asosida taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha Shartnoma tuzish taklif qilinadi.
Paket – Universitet tomonidan tuzilgan taʼlim xizmatlari kompleksi boʻlib, unda maʼlum miqdordagi Asosiy va Fakultativ Kurslar jamlangan.
Toʻlov jadvali – Buyurtmachi tomonidan xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish muddati, miqdori va tartibini belgilovchi jadval boʻlib, roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, Buyurtmachi Oferta/Shartnoma bilan tanishganidan keyin shakllantiriladi va Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Oldindan toʻlov – Buyurtmachi Paket, Individual paket yoki alohida Kurs (bitta Kursni tanlagan taqdirda) toʻliq qiymatini darslar boshlanishidan oldin bir martada toʻlaydigan Toʻlov shakli.
«Be Student» dasturi – Universitet tomonidan Abituriyentni oʻqitish va oliy taʼlim muassasasiga kirishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan, tasdiqlangan va tashkil etilgan Kurslar majmui.
Jadval – Universitet tomonidan tasdiqlangan va tegishli kurs boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish grafigi boʻlib, unda sanalar, vaqt, oʻtkaziladigan joy va mashgʻulotlar formati koʻrsatiladi; Abituriyentga Veb-sayt yoki boshqa kommunikatsiya vositalari orqali yetkaziladi.
Boʻlib toʻlash – Buyurtmachi tomonidan Xizmatlar, jumladan Paket, Individual paket yoki alohida Kurs qiymatini bosqichma-bosqich, belgilangan summalarda va Toʻlov jadvalida koʻrsatilgan muddatlarda toʻlash shakli.
Roʻyxatdan oʻtish– Buyurtmachi tomonidan Veb-saytda boʻlajak Abituriyent haqidagi zarur autentifikatsiya maʼlumotlarini kiritish jarayoni boʻlib, Paket, Individual paket yoki alohida Kursni tanlash, «Be Student» dasturida ishtirok etish va Oferta orqali Shartnoma tuzish maqsadida amalga oshiriladi.
Narx – Universitet tomonidan belgilangan va Veb-sayt, Toʻlov jadvali va/yoki Hisob fakturada koʻrsatilgan Xizmatlar, Paket, Individual paket yoki alohida Kurs qiymati.
Tomon – alohida olganda Universitet yoki Buyurtmachi.
Tomonlar – Universitet va Buyurtmachi birgalikda.
Hisob– Universitet tomonidan Buyurtmachi uchun tuziladigan hujjat boʻlib, unda Xizmatlar, Paket, Individual paket yoki alohida Kurs qiymatini bank oʻtkazmasi orqali Buyurtmachi yoki boshqa toʻlovchi tomonidan Universitet hisob-raqamiga toʻlash uchun koʻrsatiladi.
Hisob faktura – Universitet tomonidan Xizmatlar koʻrsatilgani (taqdim etilgani) yakunida tuziladigan va ularning qiymatini buxgalteriya va soliq hisoboti maqsadida tasdiqlovchi hujjat.
Universitet – Toshkent shahar, Mirzo-Ulugʻbek tumani, Milliy Bogʻ koʻchasi, 264-uy manzilida roʻyxatdan oʻtgan «Central Asian University» MChJ.
Xizmatlar – Universitet tomonidan «Be Student» dasturi doirasida Abituriyentni oliy taʼlim muassasasiga tayyorlash boʻyicha koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari, jumladan oʻquv materiallarini ishlab chiqish va taqdim etish, taʼlim jarayonini tashkil etish, Universitet va oʻquv resurslariga kirishni taʼminlash, shuningdek, Abituriyentning tanlagan Kursini, shu jumladan sport mashgʻulotini oʻzlashtirish uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlar.
Fakultativ kurs – Buyurtmachi tomonidan tanlanadigan, tegishli Paket tarkibiga kiruvchi va taʼlim dasturini individuallashtirish imkonini beruvchi qoʻshimcha (majburiy boʻlmagan) oʻquv kursi. Fakultativ kurs Buyurtmachi tomonidan Veb-saytda joylashtirilgan roʻyxatdan mustaqil ravishda tanlanadi.
Imtihon – Universitet tomonidan tegishli Kurslar yakunida Abituriyentning mashgʻulotlar/darslar davomida egallagan bilim, koʻnikma va malakalarini tekshirish maqsadida tashkil etiladigan yakuniy baholash tadbiri.
Izoh: Birlik son shaklidagi taʼriflar koʻplik shaklidagi shakllarga ham qoʻllanadi, shuningdek, koʻplik son shaklidagi taʼriflar yagona son shaklidagi shakllarga ham qoʻllanadi.
2. UMUMIY QOIDALAR
2.1. Ushbu Shartnoma ommaviy oferta hisoblanib, Universitet tomonidan Shartnoma matnini Veb-saytda joylashtirish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 358-moddasi va 369-moddasi 2-qismiga asosan Universitet tomonidan Nomuayyan shaxslar doirasiga yoʻllangan ommaviy ofertaga taklif etish deb qaraladi.
2.2. Shartnoma tuzilishi Buyurtmachining Shartnomaga qoʻshilishi orqali amalga oshiriladi, yaʼni Buyurtmachi tomonidan Shartnomaning barcha shartlarini toʻliq, shartsiz, izohlar va istisnolarsiz qabul qilganini bildiradi(Fuqarolik kodeksi, 360-moddasi).
2.3. Shartnoma Buyurtmachi tomonidan quyidagi harakatlardan birini amalga oshirganda, yaʼni Shartnomaning ommaviy oferta shartlari boʻyicha qabul qilinishini tasdiqlovchi harakatlar bajarilganda tuzilgan hisoblanadi:
2.3.1. Veb-saytda Roʻyxatdan oʻtish va Oferta/Shartnoma bilan toʻliq tanishilganini hamda uning shartlari toʻliq va soʻzsiz qabul qilinganini tasdiqlovchi belgi qoʻyish.
2.3.2. Buyurtmachi tomonidan Shartnomada belgilangan tartib va shartlarga muvofiq Toʻlovni amalga oshirish.
2.4. Shartnoma, Aksept tartibiga rioya qilingan taqdirda, oddiy yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi (FK 366-moddasi 4–5-qismlari va 370-moddasi 4-qismi).
2.5. Oferta Akseptidan oldin Buyurtmachi quyidagilarni tasdiqlaydi:
2.5.1. Oferta/Shartnoma har bir bandini diqqat bilan oʻqib, tushungan va shartsiz qabul qilgan; 2.5.2. Veb-sayt mazmuni va Universitet bilan oʻzaro aloqalar usullari bilan tanishgan; 2.5.3. Oʻz xohishi bilan va majburlanmagan holda Oferta/Shartnomani imzolagan (qabul qilgan); 2.5.4. oʻzining huquq layoqatiga, muomala layoqatiga, FKning 22 va 27-moddalariga muvofiq yoshga yetganiga, shuningdek Roʻyxatdan oʻtish va Aksept qaysi shaxs nomiga amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha shaxs nomidan shartnomaviy munosabatlarga kirishish huquqiga ega ekanini tasdiqlaydi.
2.6. Tomonlar Shartnoma tuzilgan joy sifatida Universitetning joylashgan manzilini belgilaydilar.
2.7. Shartnoma tuzilgan sana sifatida Oferta Aksept qilingan sana hisoblanadi.
2.8. Universitet istalgan vaqtda Oferta/Shartnomani Buyurtmachini maxsus xabardor qilmasdan va kelishmasdan oʻzgartirishi mumkin. Oferta/Shartnomaning yangi tahriri Veb-saytda joylashtirilgan paytdan kuchga kiradi. Amaldagi tahrir va Oferta/Shartnoma shartlari bilan muntazam tanishish Buyurtmachining yakka majburiyatidir.
2.9. Kurslarga Roʻyxatdan oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari uchun ochiq boʻlib, ular 10–11-sinflar oʻquvchilari, maktab bitiruvchilari yoki ularga tenglashtirilgan taʼlim muassasasi bitiruvchilari boʻlib, OTMga kirishga niyat qilgan shaxslar hisoblanadi.
3. SHARTNOMA PREDMETI
3.1. Shartnomaga muvofiq Universitet Buyurtmachiga Tanlangan Paket, Individual Paket yoki alohida Kurs doirasida xizmatlarni koʻrsatish, Buyurtmachi esa Shartnomada belgilangan tartibda Toʻlovni amalga oshirishni oʻz zimmasiga oladi.
3.2. Paketlar va Kurslar, ularning nomlari, oʻtkazilish shakli (kunduzgi, aralash yoki masofaviy), muddati, narxi va boshqa tavsiflari toʻliq maʼlumot sifatida Veb-saytda eʼlon qilinadi.
3.3. Mashgʻulotlar (Xizmatlar) Universitet hududida yoki Universitet tomonidan oldindan belgilangan boshqa joyda oʻtkaziladi, Buyurtmachi bu haqda oldindan aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
4. PAKET VA/ YOKI KURSNI TANLASH VA OʻZGARTIRISH TARTIBI
4.1. Roʻyxatdan oʻtish vaqtida Buyurtmachi quyidagilardan birini amalga oshirishi mumkin:
4.1.1.Taklif qilingan Paketlardan birini tanlash; yoki
4.1.2. Kurslar roʻyxatidan Individual paket shakllantirish; yoki
4.1.3. Veb-saytda joylashtirilgan Kurslar roʻyxatidan alohida Kurs tanlash.
4.2. Buyurtmachi quyidagilarni almashtirish huquqiga ega:
4.2.1. tanlangan Paket, Fakultativ kurs yoki Individual paket doirasidagi Kursni Mashgʻulotlar boshlanishidan oʻn (10) kalendar kun oldin; yoki
4.2.2. tanlangan Paketni Mashgʻulotlar boshlanganidan uchinchi haftagacha; yoki
4.2.3. tanlangan Fakultativ kurs yoki Individual paket doirasidagi Kursni Mashgʻulotlar boshlanganidan uchinchi oygacha.
4.3. Yuqorida koʻrsatilgan muddatlardan keyin Paket yoki Fakultativ kurs Buyurtmachi tashabbusi bilan almashtirilmaydi.
4.4. Amaldagi Paket faqat yuqoriroq Qiymatga ega Paketga almashtirilishi mumkin. Bunda Buyurtmachi Paketlarni oʻzgartirish vaqtidan boshlab besh (5) bank kuni ichida Paketlar Qiymati oʻrtasidagi farqni toʻlash majburiyatini oladi.
4.5. Paket va Fakultativ kursni almashtirish faqat bir (1) marta amalga oshirilishi mumkin.
4.6. Paket va/yoki Kursni almashtirish quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda ruxsat etiladi:
4.6.1. tegishli oʻquv guruhida boʻsh joy mavjudligi va texnik imkoniyat mavjudligi;
4.6.2. Buyurtmachi tomonidan yozma ariza berilishi, Shartnomaning 4.2-bandida koʻrsatilgan muddatdan kechiktirmasdan;
4.6.3. Buyurtmachi tomonidan (yangi Paket/Kurs yuqoriroq narxga ega boʻlgan taqdirda) qiymat oʻrtasidagi farqning Shartnomaning 4.4-bandida belgilangan muddatdan kechiktirmay toʻlanishi.
4.7. Universitet Paket va/yoki Kursni almashtirishni tushuntirmasdan rad etish huquqiga ega, agar bunday almashtirish:
4.7.1. oʻquv jarayonini tashkil etishga toʻsqinlik qilsa;
4.7.2. Jadval buzilishiga olib kelsa;
4.7.3. texnik yoki tashkiliy sabablar bilan imkonsiz boʻlsa.
5. XIZMATLAR NARXI VA TOʻLOV TARTIBI
5.1. Xizmatlar narxi tanlangan Paket va/yoki Kurslarga muvofiq belgilanadi. Paket va Kurslarning amaldagi narxlari toʻliq maʼlumot sifatida Veb-saytda eʼlon qilinadi.
5.2. Buyurtmachi Xizmatlar uchun toʻlovni Universitetning hisob-raqamiga Veb-saytda yoki Shartnomada koʻrsatilgan usullar orqali amalga oshiradi, Toʻlov oldindan toʻlov yoki boʻlib toʻlash shaklida amalga oshiriladi.
5.3. Toʻlov, tegishli QR-kod yoki havola orqali, toʻlov tashkiloti va/yoki vakolatli bankning himoyalangan toʻlov sahifasiga oʻtish orqali amalga oshiriladi.
5.4. Xizmatlar uchun toʻlov Buyurtmachi yoki boshqa toʻlovchi tomonidan mablagʻlarni Universitetning hisob-raqamiga oʻtkazish shaklida tegishli Hisob asosida amalga oshirilishi mumkin.
5.5. Toʻlovlarni amalga oshirish qoidalari va tartibi boʻyicha Buyurtmachi toʻlov tashkiloti yoki vakolatli bankning tegishli qoidalariga rioya qilishga majbur va tushuntirishlar yoki konsultatsiya olish maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlov tashkiloti yoki vakolatli bankka murojaat qilishi lozim. Universitet toʻlovlarni amalga oshirish jarayonida axborot yordamini oʻz vakolat doirasida koʻrsatish huquqini saqlab qoladi, ammo ushbu qoidalar Universitetni bunday yordam koʻrsatishga majbur qilmaydi, taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻliqligi yoki Buyurtmachining toʻlov usulini tanlash natijasida kelib chiqadigan oqibatlar uchun javobgar qilmaydi.
5.6. Universitet toʻlov tashkiloti va/yoki vakolatli bankning dasturiy-texnik majmuini nazorat qilmaydi va ularning harakatlari va/yoki harakatsizligi uchun javobgar emas.
5.7. Toʻlov sanasi sifatida mablagʻlarning Universitet hisob-raqamiga kelib tushgan sanasi qabul qilinadi.
6. TOʻLOVNI (PUL MABLAGʻLARINI) QAYTARISH TARTIBI
6.1. Pul mablagʻlari quyidagi hollarda qaytariladi:
6.1.1. agar Universitetning aybi bilan Buyurtmachi tomonidan amalga oshirilgan Toʻlov sanasidan boshlab uch (3) oydan ortiq muddat davomida Xizmatlar koʻrsatilmagan boʻlsa va bu kechikish Buyurtmachining harakatlari (harakatsizligi) sababli yuzaga kelmagan boʻlsa;
6.1.2. agar Universitet tanlangan Kursni bir tomonlama bekor qilgan va bunday bekor qilishdan boshlab ikki (2) oy ichida shunga oʻxshash Kurs Oferta qilmagan boʻlsa;
6.1.3. Universitet tanlangan Kurs boʻyicha Xizmatlarni koʻrsatishni, Buyurtmachining Shartnoma shartlarini buzishi bilan bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra, toʻxtatgan taqdirda;
6.1.4. Shartnoma Buyurtmachining tashabbusi bilan, Shartnomaning 18.3.2-bandida nazarda tutilgan tartibda, bir tomonlama bekor qilingan taqdirda;
6.1.5. Agar Abituriyent barcha Asosiy kurslar boʻyicha barcha Imtihonlarni besh (5) urinishda muvaffaqiyatli topshira olmagan boʻlsa.
6.2. Toʻlangan pul mablagʻlarine qaytarish faqat Buyurtmachi tomonidan yozma ariza bilan, tegishli hujjatlar ilova qilingan holda amalga oshiriladi (agar ushbu shartnoma 6.1-bandida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlsa).
6.3. Pul mablagʻlarini qaytarish quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi: 6.3.1. Mashgʻulotlar amalda boshlangan boʻlsa (Abituriyent qatnashgan yoki qatnashmaganligidan qatʼiy nazar); 6.3.2. Buyurtmachi shaxsiy sabablar bilan Mashgʻulotlarni oʻtkazib yuborgan yoki qatnashishni rad qilgan boʻlsa;
6.3.3. Shartnoma Universitet tashabbusi bilan, Buyurtmachining Shartnoma shartlarini buzishi sababli bir tomonlama bekor qilingan boʻlsa;
6.3.4. Buyurtmachi shaxsiy kutgan natijalarga mos kelmasligi, rejalarning oʻzgarishi, bandligi, sogʻligi yoki Universitetning aybi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa sharoitlar sababli pulni qaytarishni soʻragan boʻlsa.
6.4. Pul mablagʻlari qaytarilishi quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
6.4.1. Shartnomaning 6.1.1, 6.1.2, 6.1.3, 6.1.4 va 7.2-bandlarida nazarda tutilgan hollarda — Buyurtmachining arizasi Universitet tomonidan qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh (15) kalendar kuni ichida.
6.4.2. Shartnomaning 6.1.5-bandida nazarda tutilgan holatda — Buyurtmachining arizasi Universitet tomonidan qabul qilingan kundan boshlab oltmish (60) kalendar kun ichida.
6.5. Pul mablagʻlari Buyurtmachining arizasida koʻrsatilgan hisob-raqamga oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
7. OʻQUV GURUHINI TASHKIL ETISH TARTIBI
7.1. Taʼlim jarayonining samaradorligini va Kurslarning oʻz xarajatlarini qoplashini taʼminlash maqsadida Universitet har bir Kursning xususiyatiga qarab oʻquv guruhida minimal Abituriyentlar sonini mustaqil ravishda belgilaydi.
7.2. Agar roʻyxatdan oʻtgan Abituriyentlar soni minimal chegaraga yetmasa, Universitet Kursning boshlanishini keyinga qoldirish yoki butunlay bekor qilish huquqini saqlab qoladi. Bunday holda, Kurslar uchun toʻlangan barcha mablagʻlar Abituriyentning yozma arizasiga asosan oʻn besh (15) kalendar kuni ichida toʻliq qaytariladi.
7.3. Agar Kurs(lar)da oʻqishni xohlovchi Abituriyentlar soni oʻquv guruhidagi boʻsh oʻrinlar sonidan oshsa, Abituriyent “Kutish roʻyxati”ga kiritiladi va boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlgan taqdirda oʻqishga taklif etiladi
8. KURSLARNING MUDDATLARI VA OʻTKAZISH TARTIBI HAMDA ABITURIYENTNING ULARGA QABUL QILINISHI
8.1. Universitet Buyurtmachi tomonidan amalga oshirilgan Toʻlov sanasidan boshlab uch (3) oy ichida tegishli Kurslar boʻyicha Mashgʻulotlarni tashkil etishga va boshlashga majburdir.
8.2. Mashgʻulotlar jadvali (boshlanish sanasi, davomiyligi, shu jumladan akademik soatlar soni) Universitet tomonidan belgilanadi va Abituriyentga aloqa vositalari orqali (telefon, elektron pochta, messenjerlar) yetkaziladi.
8.3. Universitet oʻz xohishiga koʻra darslar/mashgʻulotlar jadvalni oʻzgartirish huquqiga ega boʻlib, Buyurtmachini oqilona muddatda oldindan xabardor qiladi. Bunday oʻzgarishlar, agar Shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, pul mablagʻlarini qaytarish uchun asos hisoblanmaydi.
8.4. Mashgʻulotlarda faqat Roʻyxatdan oʻtgan, Oferta Akseptini rasmiylashtirgan va Toʻlovni Oferta/Shartnoma, Toʻlov jadvali va/yoki Hisob faktura asosida belgilangan tartib va muddatda amalga oshirgan Abituriyentlar ishtirok etishga ruxsat etiladi.
8.5. Toʻlov amalga oshirilganidan soʻng Abituriyentga Universitet hududiga kirish va Mashgʻulotlarda qatnashish imkonini beruvchi ID-karta beriladi.
8.6. Agar Buyurtmachi Toʻlov muddatlarini oʻn (10) kalendar kundan ortiq kechiktirsa, Universitet Abituriyentning Mashgʻulotlarda va Universitet hududiga kirishini cheklash huquqiga ega.
8.7. Abituriyent quyidagi hollarda ID-kartani qaytarishi shart: 8.7.1. Kurslar yakunlangandan soʻng; 8.7.2. Universitet Xizmatlarni toʻxtatganida va Shartnoma muddatidan oldin bekor qilinganda.
9. KURSLARNI KOʻCHIRISH VA QOLDIRISH TARTIBI
9.1. Agar Tasdiqlangan Jadvalga muvofiq Darslar/mashg`ulotlarni oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar yuzaga kelsa, Universitet Abituriyentni rejalashtirilgan Dars boshlanishidan kamida yigirma toʻrt (24) soat oldin, baʼzi hollarda esa ikki (2) soat oldin aloqa vositalari orqali (telefon, elektron pochta, messenjerlar) xabardor qilishi shart.
9.2. Belgilangan vaqtda Abituriyent Darsda ishtirok etmasa, Universitet Darsni uning ishtirokisiz boshlash huquqini oʻzida saqlab qoladi. Bunda Dars Abituriyent tashabbusi bilan qoldirilgan hisoblanadi va kompensatsiya yoki boshqa vaqtda oʻtkazish koʻzda tutilmaydi.
9.3. Agar Darsni oʻtkazib yuborish uzrli sababga koʻra boʻlsa, Universitet Abituriyentga qoʻshimcha materiallar yoki konsultatsiya orqali qoldirilgan Darsni qoplash imkoniyatini koʻrib chiqadi. Uzrli sabablar quyidagilar boʻlishi mumkin:
9.3.1. Abituriyentning kasalligi, vaqtinchalik ishga qobiliyatsizligi kassalik varagʻi bilan tasdiqlanganda Abituriyent kasallikdan sogʻaygandan keyin uch (3) ish kuni ichida tegishli hujjatni taqdim etishi shart.
9.3.2. Shaxsiy (oilaviy) holatlar. Bunda Abituriyent Dars boshlanishidan kamida bir (1) ish kuni oldin yoki Dars kuni, Dars boshlanishidan oldin Universitetni xabardor qilishi shart.
9.3.3. Boshqa, hujjatlar bilan tasdiqlangan shoshilinch holatlar.
9.4. Kursda ishtirokni koʻchirish faqat Buyurtmachi tomonidan berilgan yozma ariza asosida va faqat hujjatlar bilan tasdiqlangan uzrli sabablar mavjud boʻlganda (kasallik, favqulodda holat) ruxsat etiladi.
9.5. Koʻchirish bir marta va faqat yangi guruhda boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlganda amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, Universitet qoʻshimcha oʻquv guruhlarini shakllantirish majburiyatiga ega emas.
9.6. Abituriyent tomonidan qoldirilgan Darslar oʻtkazilgan hisoblanadi va ularni takroran oʻtkazish koʻzda tutilmaydi. Toʻlovni qaytarish, qoʻshimcha individual darslar berish yoki jadvalni koʻchirish amalga oshirilmaydi.
9.7. Universitet Darslarni Buyurtmachining aybi yoki uchinchi shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) natijasida qoldirilgan hollarda masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmaydi.
10. IMTIHON OʻTKAZISH TARTIBI
10.1. Tegishli Asosiy kurs doirasidagi Darslar yakunlangach, Abituriyent Imtihondan oʻtishi shart.
10.2. Imtihonga faqat tegishli Asosiy kursning kamida toʻqson foiz (90%) darslarida ishtirok etgan Abituriyent qabul qilinadi.
10.3. Abituriyentga tegishli Asosiy kurs doirasida Imtihonni topshirish uchun besh (5) marta imkoniyat beriladi.
10.4. Agar Abituriyent barcha tegishli Asosiy kurslar boʻyicha Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan boʻlsa, Universitet Abituriyentga Kurslarni muvaffaqiyatli oʻrganganligi toʻgʻrisida sertifikat beradi. Mazkur sertifikat shartli ravishda Universitetning ichki normativ hujjatlarida belgilangan boshqa talablar bajarilgan boʻlsa, Abituriyentga Universitetga bakalavriat dasturiga kirishda kirish imtihonlarini topshirmasdan kirish huquqini beradi.
10.5. Agar Abituriyent ikki (2) Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtib, bitta (1) Imtihondan barcha berilgan imkoniyatlar natijasiga koʻra oʻta olmasa, Abituriyent Universitetga kirish niyatida boʻlsa, tegishli fan boʻyicha Universitet kirish imtihonini topshirishi shart.
10.6. Agar Abituriyent bir (1) Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtib, ikki (2) Imtihondan barcha berilgan imkoniyatlarning natijasiga koʻra oʻta olmasa, Abituriyent Universitetga kirish niyatida boʻlsa, tegishli fanlar boʻyicha kirish imtihonlarini topshirishi shart. Mazkur holatda, kirish imtihonlari oʻtkazilishidan oldin Universitetning oʻqituvchilari har bir tegishli Imtihon boʻyicha uch (3) konsultatsion sessiya oʻtkazadi.
10.7. Agar Abituriyent barcha asosiy fanlar boʻyicha imtihonlarni, berilgan barcha imkoniyatlardan foydalanganidan soʻng ham topshira olmagan boʻlsa, kurs oʻzlashtirilmagan hisoblanadi va oldindan toʻlangan Paket narxi Buyurtmachiga Shartnomada belgilangan tartibda qaytariladi.
10.8. Oʻtkazilgan kurslar va/yoki imtihonlar yakunlari natijasi boʻyicha Universitet Buyurtmachiga xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hisob-faktura tayyorlaydi.
11. TOMONLARNING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
11.1. Universitet majburiyatlari:
11.1.1. Buyurtmachi tomonidan Toʻlov Shartnoma/Oferta shartlariga muvofiq amalga oshirilgan taqdirda tanlangan Kurslar boʻyicha Abituriyentni oʻqitish imkoniyatini tashkil etish va taʼminlash, shu jumladan xonalarni texnik jihatdan tayyorlash.
11.1.2. Abituriyentga elektron yoki bosma shakldagi zaruriy oʻquv materiallarini taqdim etish; 11.1.3. Kurs(lar), dastur va jadval boʻyicha zaruriy barcha maʼlumotlarni Abituriyentga ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha taqdim etish (jumladan, qisqartirilgan ish kunlariga muvofiq – soat 17:00 gacha).
Qoʻllab-quvvatlash boʻyicha savollar quyidagi elektron manzilga yuborilishi mumkin: admission@centralasian.uz.
11.2. Universitetning huquqlari:
11.2.1. Taʼlim shakllarini (kunduzgi, gibrid yoki masofaviy), tartib, metod va davomiylikni, bilimlarni baholash tizimini, Darslarni oʻtkazuvchi oʻqituvchilar, mutaxassislar va trenerlar tarkibini, shuningdek har bir Kurs uchun minimal Abituriyentlar sonini mustaqil belgilash;
11.2.2. Shartnoma shartlarini bajarish uchun uchinchi shaxslarni (oʻqituvchilar, mutaxassislar, trenerlar) jalb etish va ularni istalgan vaqtda almashtirish;
11.2.3. Shartnoma majburiyatlarini toʻliq bajarish uchun Buyurtmachidan zarur maʼlumot va hujjatlarni talab qilish;
11.2.4. Buyurtmachi bilan kelishmasdan Kursning oʻquv dasturi mazmuniga (toʻliq yoki qisman), Darslar jadvaliga, Paketlar va/ yoki Kurslar narxiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish;
11.2.5. Buyurtmachi bilan kelishmasdan Oferta/Shartnomaga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish; 11.2.6. Universitet texnik resurslarida profilaktik va taʼmirlash ishlarini oʻtkazish maqsadida Veb-sayt faoliyatini vaqtincha toʻxtatish;
11.2.7. Toʻlov vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda Abituriyentning Darslarga va Universitet hududiga kirishini cheklash, shuningdek, Shartnoma shartlari buzilgan taqdirda Xizmatlarni taqdim etishdan bosh tortish yoki ularni toʻxtatish;
11.2.8. Shartnoma 18-boʻlimida belgilangan hollarda bir tomonlama bekor qilish;
11.2.9. Abituriyent barcha Asosiy Kurslar boʻyicha Imtihonlarni topshirmagan taqdirda Kurslarni muvaffaqiyatli yakunlaganligi toʻgʻrisida sertifikat berishdan bosh tortish;
11.2.10. Xizmat sifatini va Kurs mazmunini yaxshilash maqsadida Abituriyentni soʻrovnoma va anketa orqali soʻrash;
11.2.11. Darslarni oʻtkazish jarayonida foto va video suratga olishni amalga oshirish hamda Buyurtmachi va/yoki Abituriyentning Universitet hamda koʻrsatilayotgan xizmatlar/kurslar toʻgʻrisidagi fikrlari, sharhlari va rasmlaridan (shu jumladan veb-saytda joylashtirilganlari) Universitetning reklama, axborot va boshqa maqsadlarida foydalanish, jumladan, Abituriyentning ismini koʻrsatish va uning rasmini Universitetning rasmiy veb-sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlarda, reklama va boshqa axborot materiallarida, shuningdek elektron axborot xatlarni tarqatishda foydalanish.
11.3. Buyurtmachining majburiyatlari:
11.3.1. Darslarga qatnashishda Universitet hududiga kirish uchun ID-kartani taqdim etish;
11.3.2. Shartnoma boʻyicha belgilangan tartib va muddatlarda Toʻlovni amalga oshirish;
11.3.3. Abituriyentni aniqlash va roʻyxatga olish uchun zarur toʻliq va haqiqiy autentifikatsiya maʼlumotlarini taqdim etish;
11.3.4. Kurs oʻquv materiallaridan shaxsiy taʼlim va professional rivojlanish maqsadida foydalanish, ularni tijorat mahsulotlari yaratish yoki boshqa maqsadlarda ishlatmaslik, shuningdek, Universitetning oldindan yozma roziligisiz uchinchi shaxslarga tarqatmaslik, nusxalamaslik yoki chop etmaslik. Mazkur qoidalarni buzish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka olib kelishi mumkin;
11.3.5. ID-kartani ehtiyotkorlik bilan saqlash va uchinchi shaxslarga bermaslik, faqat Universitet xodimlariga taqdim etish yoki topshirish hollari bundan mustasno;
11.3.6. Kurslar yakunlangach yoki Shartnoma bekor qilingan hollarda ID-kartani Universitetga qaytarish;
11.3.7. ID-karta yoʻqolgan yoki uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanish aniqlangan hollarda darhol Universitetga xabar berish (admission@centralasian.uz), xabarnoma yuborilgunga qadar amalga oshirilgan barcha harakatlar Buyurtmachi tomonidan bajarilgan hisoblanadi;
11.3.8. Yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, intizom va odob-axloq normalariga amal qilish, Universitet xodimlari va boshqa Abituriyentlarga hurmat bilan muomilada boʻlish, Kursda bilim olishga toʻsqinlik qilmaslik, nohurmatli soʻz va haqoratlar ishlatmaslik;
11.3.9. Kurs oʻquv dasturini vijdonan oʻrganish, Darslarning kamida toʻqson foizini (90%) qatnashish va tegishli vazifalarni bajarish;\
11.3.10. Universitet mol-mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish va uni maqsadga muvofiq ishlatish. Zararlangan taqdirda Universitet maʼmuriyatiga xabar berish va tiklash yoki almashtirish xarajatlarini qoplash;
11.3.11. Universitet va uchinchi shaxslarning oʻquv materiallari va intellektual mulk obʼektlariga oid mualliflik va boshqa huquqlariga rioya qilish;
11.3.12. Intellektual mulk huquqlari buzilishining barcha maʼlum holatlarini darhol Universitetga xabar berish; 11.3.13. Oferta/Shartnoma va Universitetning ichki qoidalari boʻyicha boshqa majburiyatlarni bajarish.
11.4. Buyurtmachining huquqlari:
11.4.1. Oferta/Shartnoma shartlariga muvofiq xizmatlarni belgilangan tartib, hajm va muddatlarda olish; 11.4.2. Kurs davomida xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha maʼlumot qoʻllab-quvvatlashini olish; 11.4.3. Shartnoma 18-boʻlimida belgilangan hollarda bir tomonlama Shartnomani bekor qilish.
12. INTELEKTUAL MULK
12.1. Universitet tomonidan Xizmatlar koʻrsatilishi doirasida yaratiladigan yoki taqdim etiladigan barcha intellektual mulk obyektlari, jumladan, ammo ular bilan cheklanmagan holda, oʻquv materiallari, metodik qoʻllanmalar, prezentatsiyalar, video va audio materiallar, dasturiy taʼminot, logotiplar, maʼlumotlar bazalari hamda boshqa obyektlar Universitetning mutlaq mulki hisoblanadi.
12.2. Buyurtmachi Universitetning barcha intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini tan oladi va ularni faqat shaxsiy taʼlim maqsadlarida, Kurslarni oʻtish doirasida foydalanishga majbur boʻladi. Buyurtmachiga mazkur obyektlarni koʻpaytirish, tarqatish, uchinchi shaxslarga berish, oʻzgartirish yoki hosila materiallar yaratish huquqi Universitetning yozma roziligisiz berilmaydi.
12.3. Abituriyent tomonidan oʻquv materiallari va Universitetning boshqa intellektual mulk obyektlaridan foydalanish faqat taʼlim dasturi, Kurslarni oʻtish hamda oʻquv topshiriqlarini bajarish doirasida amalga oshirilishi mumkin. Boshqa har qanday foydalanishga faqat Universitetning yozma roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
12.4. Abituriyent Universitetning intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini buzishga qaratilgan har qanday harakatlardan, jumladan qonunga xilof ravishda koʻchirish, tarqatish, nusxalash yoki materiallarni ommaviy ravishda qayta namoyish etishdan oʻzini tiyishga majburdir.
12.5. Mazkur boʻlim shartlarini buzish Abituriyentning Darslarga va Universitet hududiga kirishini cheklash uchun asos boʻladi, shuningdek, amaldagi Qonunchilikka muvofiq javobgarlik choralarini qoʻllanishiga olib kelishi mumkin.
13. SHAXSIY MAʼLUMOTLARNI QAYTA ISHLASH VA SAQLASH
13.1. Buyurtmachi va Abituriyent Universitet tomonidan roʻyxatdan oʻtish, kurslarni tanlash va toʻlash jarayonida, shuningdek ularda ishtirok etish davomida taqdim etilgan shaxsiy maʼlumotlarning qayta ishlanishiga oʻz roziligini bildiradi.
13.2. Shaxsiy maʼlumotlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin, biroq ular bilan cheklanmaydi: F.I.Sh., tugʻilgan sana, aloqa maʼlumotlari (telefon, elektron pochta manzili), pasport maʼlumotlari, taʼlimga doir maʼlumotlar, Kurslar va Imtihonlardan oʻtish haqidagi axborot.
13.3. Universitet shaxsiy maʼlumotlarni yigʻish, saqlash, ulardan foydalanish va ularni himoya qilishni amaldagi Qonunchilik, Universitetning ichki reglamentlari va qoidalari hamda mazkur Shartnoma asosida amalga oshiradi.
13.4. Shaxsiy maʼlumotlar faqat quyidagi maqsadlarda foydalaniladi: 13.4.1. Xizmatlarni koʻrsatish; 13.4.2. Kurslar va Imtihonlarni tashkil etish va oʻtkazish; 13.4.3. Kurslarni muvaffaqiyatli oʻzlashtirish toʻgʻrisidagi sertifikatlarni berish; 13.4.4. Abituriyentni Kurslar, Imtihonlar, Jadvaldagi oʻzgarishlar, shuningdek oʻtkaziladigan aksiyalar va maxsus takliflar haqida xabardor qilish; 13.4.5. Buxgalteriya va moliyaviy hisob-kitoblarni yuritish.
13.5. Universitet shaxsiy maʼlumotlarni uchinchi shaxslar tomonidan ruxsatsiz kirish, yoʻq qilish, oʻzgartirish, bloklash, koʻchirish, tarqatish yoki boshqa noqonuniy harakatlardan himoya qilish uchun zarur barcha choralarni koʻrishga majburdir.
13.6. Shaxsiy maʼlumotlar ularni qayta ishlash maqsadlariga erishish uchun zarur boʻlgan muddat davomida, biroq Xizmatlar koʻrsatilishi tugaganidan keyin kamida besh (5) yil mobaynida saqlanadi, agar Qonunchilikda boshqacha muddat nazarda tutilmagan boʻlsa.
14. MAXFIYLIK
14.1. Tomonlar Shartnomani bajarish doirasida olingan maʼlumotlarning maxfiyligini saqlashga majburdirlar. Bunga, ammo ular bilan cheklanmagan holda, oʻquv dasturlari va Kurslar jarayoniga oid maʼlumotlar, oʻquv materiallari, metodik qoʻllanmalar, Abituriyentning shaxsiy maʼlumotlari, moliyaviy maʼlumotlar, Imtihon natijalari hamda maxfiy maʼlumotlar toifasiga kiruvchi boshqa axborotlar kiradi.
14.2. Maxfiy maʼlumotlar boshqa Tomonning oldindan yozma roziligisiz oshkor qilinishi, tarqatilishi, uchinchi shaxslarga berilishi yoki shaxsiy yoki tijoriy maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas, bundan Qonunchilikda bevosita nazarda tutilgan holatlar mustasno.
14.3. Universitet Kurslar, Mashgʻulotlar, davomat, oʻzlashtirish va boshqa koʻrsatkichlar haqidagi maʼlumotlardan faqat taʼlim faoliyati maqsadlarida, shuningdek ichki tahliliy, statistik va tashkiliy ehtiyojlar uchun foydalanish huquqiga ega.
14.4. Tomonlar maxfiy maʼlumotlarni uchinchi shaxslar tomonidan ruxsatsiz kirish, oshkor qilish yoki foydalanishdan himoya qilish uchun zarur boʻlgan barcha choralarni koʻrishga majburdirlar.
14.5. Mazkur boʻlim shartlarining buzilishi Qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin hamda Abituriyentning Mashgʻulotlarga va Universitet hududiga, shuningdek oʻquv materiallariga kirish huquqining cheklanishi uchun asos boʻlishi mumkin.
15. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI. JAVOBGARLIKNI CHEKLASH
15.1. Tomonlar Shartnoma shartlarini buzganliklari uchun Shartnomaning qoidalari va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladilar.
15.2. Universitet quyidagilar uchun javobgar emas:
15.2.1. Abituriyentning Universitetga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra Mashgʻulotlarni qoldirishi oqibatlari uchun;
15.2.2. “Intellektual mulk” boʻlimi qoidalariga zid ravishda oʻquv materiallarining uchinchi shaxslar tomonidan foydalanilishi uchun;
15.2.3. Universitetning qasddan sodir etgan harakatlari bilan bogʻliq boʻlmagan texnik nosozliklar yoki Veb-sayt va masofaviy xizmatlarning vaqtinchalik ishlamasligi uchun;
15.2.4. Buyurtmachi tomonidan notoʻgʻri yoki ishonchsiz maʼlumot taqdim etilishi oqibatlari uchun;
15.2.5. Banklar yoki xizmatlarni toʻlash jarayonida ishtirok etuvchi uchinchi shaxslarning harakatlari (yoki harakatsizligi), natijada Buyurtmachi tomonidan toʻlangan pul mablagʻlarining oʻz vaqtida Universitetning hisob raqamiga kelib tushmasligi hamda shu sababli Kursning boshlanishi kechikishi uchun.
15.3. Universitetning Buyurtmachiga nisbatan umumiy javobgarligi Buyurtmachi tomonidan haqiqatan toʻlangan Paket yoki Kursning qiymati miqdori bilan cheklanadi.
15.4. Buyurtmachi Universitet mulkiga yetkazilgan har qanday moddiy zararning oʻrnini qoplash boʻyicha mol-mulk javobgarligini oʻz zimmasiga oladi.
15.5. Tomonlarning hech biri Shartnoma boʻyicha majburiyatlarning qisman yoki toʻliq bajarilmasligi uchun, agar bu holat tomonlarning oqilona nazoratidan tashqarida boʻlgan favqulodda va oldini olish imkonsiz boʻlgan holatlar (fors-major), jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, tabiiy ofatlar, epidemiyalar, harbiy harakatlar, davlat organlarining aktlari yoki boshqa shunga oʻxshash voqealar tufayli yuzaga kelgan boʻlsa, javobgar boʻlmaydi.
16. FORS-MAJOR
16.1. Tomonlarning hech biri oʻzining majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajarmaganligi agar bunday bajarmaslik Shartnoma tuzilgandan keyin yuzaga kelgan va Tomonlarning nazoratidan tashqarida boʻlgan (fors-major) holatlarning bevosita oqibati boʻlsa javobgar boʻlmaydi.
16.2. Fors-major holatlari deb quyidagilar eʼtirof etiladi: mavjud sharoitlarda favqulodda, oldini olishning iloji boʻlmagan va oldindan koʻrib boʻlmaydigan holatlar, xususan: tabiiy hodisalar (zilzila, koʻchki, dovul, qurgʻoqchilik, suv toshqinlari va boshqalar), ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar (ommaviy noroziliklar, urush holati, blokada, davlat manfaatlarida import yoki eksportni taqiqlash, xalqaro sanksiyalar joriy etilishi va boshqalar), obyektiv toʻsqinlik qiluvchi holatlar (epidemiya, pandemiya, karantin), texnogen falokatlar (yongʻinlar, portlashlar va boshqalar), oldindan koʻrilmagan avariyalar, infratuzilma tarmoqlaridagi (transport, energetika tizimlaridagi) keng miqyosli favqulodda nosozliklar, Tomonlarning irodasi va harakatlaridan qatʼi nazar yuzaga keladigan va ular oʻz majburiyatlarini bajarish imkonini yoʻqotadigan holatlar.
16.3. Fors-major sharoitlari amal qilgan davrda Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish muddati bunday holatlar va ularning oqibatlari davom etgan muddatga mos ravishda suriladi. Oʻz majburiyatlarini bajarish imkoni yoʻqolgan Tomon mazkur holatlarning boshlanishi, taxminiy muddati va tugashi haqida boshqa Tomonni zudlik bilan, yozma ravishda xabardor qiladi.
16.4. Fors-major holatlari tegishli vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan rasmiy davlat namunadagi sertifikat bilan tasdiqlanadi.
16.5. Agar majburiyatlarni toʻliq yoki qisman bajarishning imkonsizligi olti (6) oydan ortiq davom etsa, har bir Tomon Shartnomani toʻliq yoki qisman bekor qilishni talab qilish huquqiga ega boʻladi, bunda zararlarni qoplash majburiyati yuzaga kelmaydi.
17. SHARTNOMAGA OʻZGARTISHLAR/QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TARTIBI
17.1. Universitet Oferta/Shartnomaga oʻzgartishlar va qoʻshimchalarni buyurtmachining oldindan roziligini olmasdan, bir tomonlama tartibda kiritish huquqiga ega.
17.2. Oʻzgartishlar Universitetning Veb-saytida joylashtirilgan kundan boshlab yoki tegishli xabarnomada koʻrsatilgan boshqa kundan boshlab kuchga kiradi. Universitet Buyurtmachi va/yoki Abituriyentni qoʻshimcha ravishda boshqa usullar bilan xabardor qilish majburiyatiga ega emas.
17.3. Universitet Veb-saytida oʻzgartishlarning joylashtirilishi Buyurtmachiga nisbatan tegishli va yetarli xabardor qilish hisoblanadi. Buyurtmachi Oferta va unga bogʻliq hujjatlarning amaldagi versiyasini mustaqil ravishda kuzatib borish majburiyatini oladi.
17.4. Oʻzgartishlar kuchga kirganidan keyin xizmatlardan foydalanishni davom ettirish, darslarda qatnashish, oʻquv materiallariga kirish yoki boshqa har qanday amaldagi foydalanish Buyurtmachining ushbu oʻzgartishlarga toʻliq va shartsiz roziligi deb eʼtirof etiladi.
17.5. Universitet xizmatlarning koʻrsatilishi shartlariga bir tomonlama tartibda oʻzgartishlar va/yoki qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega, jumladan:
17.5.1. Paketlar va/yoki Kurslarning narxi (bunda bunday oʻzgartishlar Buyurtmachi tomonidan toʻliq toʻlangan Paket/Kurslarga nisbatan orqaga qaytuvchi kuchga ega emas);
17.5.2. oʻquv dasturining mazmuni, hajmi, tuzilmasi va ketma-ketligi;
17.5.3. Kurslar va alohida Zanjatlarning jadvali, davomiyligi, oʻtkazilish davriyligi va tartibi;
17.5.4. taʼlim shakli, jumladan shaklni belgilash yoki oʻzgartirish (kunduzgi, masofaviy, gibrid);
17.5.5. oʻqituvchilar, lektorlar, trenerlar va boshqa mutaxassislarning tarkibi;
17.5.6. Imtihonlar va boshqa yakuniy yoki oraliq attestatsiya shakllarining tartibi, shakli, metodikasi va texnik talablari;
17.5.7. mashgʻulotlar oʻtkazilish joyi, shu jumladan muqobil binolar, kampuslar yoki elektron platformalardan foydalanish;
17.5.8. tashrif buyurish qoidalari, intizom talablari, ichki reglamentlar va boshqa ichki tartib normalari;
17.5.9. Buyurtmachi va/yoki Abituriyent bilan oʻzaro aloqaning tartibi, usullari, kanallari va texnik mexanizmlari.
17.6. Buyurtmachining kiritilgan oʻzgartishlarga rozilik bildirmasligi quyidagilar uchun asos boʻlmaydi:
17.6.1. Shartnomani bekor qilish (agar taʼlim jarayoni boshlangan boʻlsa);
17.6.2. toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish;
17.6.3. qabul qilingan majburiyatlardan ozod boʻlish.
17.7. Agar oʻzgartishlar Qonunchilik talablaridan, davlat organlari koʻrsatmalaridan, fors-major holatlaridan yoki taʼlim oluvchilarning xavfsizligini taʼminlash zaruratidan kelib chiqsa, Universitet bunday oʻzgartishlarni Buyurtmachini oldindan xabardor qilmasdan darhol qoʻllash huquqiga ega.
17.8. Universitet jadval, oʻqituvchilar tarkibi, taʼlim shakli, texnik talablar yoki boshqa tashkiliy parametrlarning oʻzgarishi bilan bogʻliq ravishda Buyurtmachida yuzaga kelgan istalgan oqibatlar uchun javobgar boʻlmaydi.
8. SHARTNOMANING AMAL QILISH MUDDATI VA BEKOR QILINISHI
18.1. Shartnoma Buyurtmachining Ofertani aksept qilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va Tomonlar oʻz majburiyatlarini toʻliq bajargunlariga qadar amal qiladi.
18.2. Universitet Buyurtmachi yoki Abituriyent tomonidan Shartnomaning 11.3.2, 11.3.3, 11.3.4, 11.3.8, 11.3.9, 11.3.10 va 11.3.11-bandlarida nazarda tutilgan majburiyatlar buzilgan taqdirda Shartnomani bir tomonlama tartibda, sudga murojaat qilmasdan, bekor qilish huquqiga ega.
18.3. Buyurtmachi Shartnomani bir tomonlama, sudga murojaat qilmasdan, quyidagi hollarda bekor qilish huquqiga ega:
18.3.1. Universitet tomonidan Xizmatlarni koʻrsatishning boshlanish muddati buzilgan taqdirda, yaʼni Buyurtmachi tomonidan Toʻlov amalga oshirilgan paytdan boshlab uch (3) oydan ortiq vaqt davomida Mashgʻulotlar boshlanmagan boʻlsa; bundan Buyurtmachining harakatlari (harakatsizligi) tufayli yuzaga kelgan kechikishlar mustasno; yoki
18.3.2. Birinchi Mashgʻulot boshlanishidan kamida besh (5) ish kuni oldin Universitetga Shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida yozma bildirishnoma yuborilgan taqdirda.
18.4. Shartnoma Tomonlardan birining tashabbusiga koʻra, Shartnomaning 16.5-bandi bilan nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelganida bekor qilinishi mumkin.
19. NIZOLARINI HAL QILISH TARTIBI
19.1. Ushbu Shartnoma bilan tartibga solinmagan barcha masalalar amaldagi Qonunchilikka muvofiq hal etiladi.
19.2. Shartnomaning tuzilishi, ijro etilishi, oʻzgartirilishi, bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi bilan bogʻliq ravishda Tomonlar oʻrtasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha nizolar, kelishmovchiliklar yoki talablar Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
19.3. Tomonlar nizolarni hal etishning majburiy sudgacha boʻlgan tartibi sifatida daʼvo (pretenziya bildirish) yuborish tartibini belgilaydilar.
19.4. Daʼvo Tomonlardan biri tomonidan yozma shaklda kuryer orqali yetkazish, buyurtma xati bilan yuborish yoki yuborilganligini tasdiqlash imkonini beruvchi elektron aloqa vositalari (elektron pochta, messenjerlar) orqali yoʻllanadi.
19.5. Tomon faqat Qonunchilikda belgilangan daʼvo muddati doirasida va yozma shaklda taqdim etilgan xizmatlarga oid daʼvolarni koʻrib chiqadi. Daʼvolarni koʻrib chiqish muddati ushbu daʼvo tegishli Tomon tomonidan olingan kundan boshlab oʻn besh (15) kalendar kundan oshmaydi.
19.6. Tomonlar nizolarni koʻrib chiqishda elektron pochta orqali olib borilgan yozishmalarni dalil sifatida taqdim etish huquqiga ega ekanliklari toʻgʻrisida kelishib oldilar.
19.7. Agar Tomonlar yozma daʼvo olingan kundan eʼtiboran bir (1) oy muddat ichida muzokaralar yoʻli bilan kelishuvga erisha olmasalar, nizo sud tartibida hal etiladi.
19.8. Nizolar, agar Qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi sudlarida, Universitetning joylashgan joyi boʻyicha koʻrib chiqiladi.
19.9. Daʼvo yuborilishi va daʼvo tartibiga rioya qilinishi sudga murojaat etish uchun majburiy shart hisoblanadi.
20. UNIVERSITETNING REKVIZITLARI
“Central Asian University” MChJ Manzil: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Mirzo-Ulugʻbek tumani, Milliy Bogʻ koʻchasi, 264-uy. STIR: 306 210 969 OKED: 85420 Hisob raqami: 2020 8000 3050 3245 3003 Bank: Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Banki tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha, “Yashnobod” filiali Bank kodi (MFO): 00450